Agenturalarda tarjima uchun uch baravar qimmat narx to‘laysiz

Schock(RU)  Дорогие соотечественники и друзья! В этой статье я постаралась описать деятельность некоторых агентур – так называемых псевдопереводческих офисов в Германии и Швейцарии, которые занимаются перепродажей (заверенных) переводов, в частности, переводов с узбекского языка. Заверять переводы документов с узбекского языка они сами не вправе. Эти агентуры специализированы всего лишь на посредничество между клиентом и переводчиком и постоянно ставят свою надбавку к цене. Таким негуманным образом они потрошат не осведомлённых клиентов. Будьте осторожны! Если переводы делаются через переводческие офисы, то Вам придётся платить втрое больше или даже ещё больше. Поэтому обращайтесь к переводчику лично. Так Вы сэкономите не только деньги, но и время.

Гулираъно Марипова, присяжная переводчица
г. Бонн, 02.09.2016

(UZ)  Bir necha oy oldin bir muloyimgina vatandosh ayol tarjima masalasida telefon qilgandi. O‘zbekistondan olib kelgan hujjatini nemis tiliga tarjima qilish kerak ekan. Xursand bo‘lib unga hamma kerakli ma’lumotlarni berdim, albatta.

Birozdan keyin e-mail orqali hujjat nusxasini jo‘natdi. Solishtirisb qarasam, xuddi shu hujjatni menga bir necha hafta oldin bir tarjimonlik agenturasi ham jo‘natgani esimga tushib qoldi. Mijoz ayol o‘zbek tili tarjimonini qayerdan topishni bilmay yo‘l bo‘yida joylashgan o‘sha tarjimonlik ofisiga kirgan ekan. O‘shanda agenturaga ham shu ayolga aytgan narximni aygandim. Agentura esa mijoz ayolga men aytgan narxning ustiga uch baravar ustama haq qo‘yibdi. Uch baravar-a! Oddiygina tarjima uchun. Noinsoflikni qarang.

Sababi shoshilinch buyurtma emish. To‘g‘ri, shoshilinch buyurtmalar bo‘ladi, lekin unaqa tarjimalar bir necha soat ichida tayyor bo‘lib tezda mijozning qo‘liga topshiriladi. O‘shanda ham narx uzog‘i bilan ikki baravar bo‘lishi mumkin, uch baravar emas. Bu tarjimani esa u agenturadagi kishi ming kuchanganda ham shoshilich buyurtma qilib berolmasdi, chunki men Germaniyaning bu chekkasida ishlayman, agentura esa boshqa chekkasida joylashgan, mijoz ayol esa boshqa joyda yashaydi. Men-ku tez ishlayman, bunaqa tarjimalarni bir kundayoq tayyorlab beraman. Lekin tarjima solingan xat pochta orqali yetib borishiga jami bir haftagacha vaqt ketadi – oldin 2-3 kun mendan agenturaga, keyin 2-3 kun agenturadan mijozga. Shoshilinch buyurtmamish.

Ayol osmono‘par narxni to‘lashni istamabdi-da va o‘zi boshqa tarjimon qidiribdi. Bir o‘zbek tili tarjimonini topibdi va u bilan yozishibdi. „Buyurtmani beraman, endi tinchiyman“ – deb o‘ylaganda tarjimondan javob kelmay qolibdi. Mijoz tarjimonga telefon qilib ancha vaqt tusholmabdi. Go‘shakni allakimlar ko‘tarib foydasi tegmaydigan javoblar qaytaribdi. Xullas, mijoz ayol yana tarjimasiz qolibdi.

Haqiqatdan, o‘z tajribamdan ham shuni aytishim mumkin-ki, ko‘pchilik „man tarjimonman“ degan hamkasblar professional ravishda ish yuritishni o‘rganishmagan, kattaroq bir nemis firmasida yoki idorada ishlab ko‘rishmagan, ish yuritishda tajriba deyarli yo‘q. Ularda na go‘shakni ko‘tarayotib o‘zini rasman tanishtirish odati bor, na go‘shakni ko‘tarolmasa mijozga qaytib telefon qilish, na e-mail orqali yozishganda to‘liq ma’lumot berish. Ular qilgan tarjimaning sifati ham past, ko‘p hollarda. Bunaqa turli til tarjimonlariga o‘zim ham ko‘p uchrab, ularni ishlashini ko‘rib ancha salbiy taasurotda qolganman.

Eng yomon tomoni shundaki, mijoz ayol u yoqdan bu yoqqa urilib, ko‘p vaqt yo‘qotibdi. Hujjatning tarjimasi imtihon uchun kerak bo‘lgan ekan. Tarjima vaqtida tayyor bo‘lmagach, u imtihonini kechroqqa surishga majbur bo‘libdi. Imtihonga ro‘yxatga olinish uchun ketgan chiqimlariga kuyibdi. Germaniyada unaqa imtihonlar mo‘maygina pul turadi. Imtihonga boshqatdan yozilib, hammasini boshqatdan to‘lashga majbur bo‘libdi. Oddiy bir tarjimani deb-a!

Men mijoz ayolga juda achindim. Telefonda gaplashganmizda, orqada yosh bola ovozi eshitilgandi. „Nemis tilini yaxshi bilmayman, ruscha gaplashaqolaylik“ – degandi. Chamamda, u ayol Germaniyaga yangi kelgan va oila yumushlari bilan ovora bo‘lgan. Shuning uchun xotirjam o‘tirib, internetda tuzukroq tarjimon qidirib, guruchni kurmakdan ajratib olishga vaqti bo‘lmagan.

Shunday qilib, men Germaniya va Shveytsariyadagi agenturalarning fayoliyatiga qiziqdim, vaqt ajratib internetdagi saytiga kirdim. Agenturalar nomi turlicha bo‘ladi – Übersetzungsbüro, Sprachenservice, Spachendienst, Dolmetscher- und Übersetzerdienst va hokazo. Tabiiyki, har bir agentura „biz zo‘r agenturamiz, kerak bo‘lsa osmondagi oyni olib beramiz, kep qoling, op qoling“ ohangida o‘zini o‘zi rosa maqtaydi. Internetda zo‘r saytlar tuzib oladi. Bilxilgilarining sayti lekin dabdala va bu ularni dabdala ishlashidan birinchi darak.

Kerakli joylar bilan bog‘lanib, surishtirsam boyagi agentura katta agentura emas, mitti agenturacha ham emas, u kishi biznes qiladigan oddiygina odam ekan. Hamma ishni bir o‘zi qilar ekan. O‘zi tarjimon emas. O‘shanda, telefonda gaplashganimizda nemischani ham eplab gapirolmay, men bilan ruscha gaplashgandi. Men parvo qilmay, kotibi deb o‘ylagan ekanman. Bunday biznes uchun u qanday qilib rasmiy ruxsat olgan yo nolegal ishlaydimi – bunisi menga qorong‘u. Internetdagi saytiga otning qashqasiday qilib „dunyoning falonchi-falonchi tillaridan tarjima qilamiz, professional tarjimonlar bilan ishlaymiz“ deb yozib olibdi. Buni o‘qigan odam „vay, katta ishxona ekan, o‘nlab professional tarjimonlar orqada o‘tirib ishlaydi, shekilli“ – deb o‘ylaydi. Aslida esa umuman boshqacha. Unaqalar kichkinagina ofisni ijaraga oladida, o‘ziga o‘zi loyihalar menejeri (Projektmanager) degan lavozimlarni berib, bir o‘zi yoki sherigi bilan biznes qiladi. Ularda dunyoning turli tillaridan bilim yetarlicha emas, tarjimonlik va lingvistika sohasini puxta tushunmaydi ham. Birxilgilari hattoki tilning nomini savodxonlarcha yozolmaydi, „Usbekisch“ni o‘rniga „Uzbekisch“ tarjimasi kerak deb murojaat qiladi. Ular faqat dallolik qilib tarjimalarni pullashga ixtisoslashgan, tirikchiligi tarjimonlar orqasidan va mijozlardan ustama haq yulib olish bilan o‘tadi.

Qiziqib internetdagi boshqa katta-kichik agenturalar bilan tanishib chiqishda davom etdim. Bir agentura hattoki besh baravar narx belgilabdi, ya’ni deylik, kichik bir tarjima o‘zi aslida 35 yevro tursa, ular ustama haq qo‘yib 175 yevro olarkan. Noinsoflar. Farqiga bormagan bechora mijoz esa shu narxni majbur to‘laydi, tarjima zarur bo‘lsa. Mijoz tarjimani olgach puliga achinib „shuncha pulni tarjimonga to‘ladim, bu tarjimon qimmatga ishlarkan“ deb o‘ylaydi, chunki ko‘rsatmaga muvofiq tarjimon tarjimasida o‘z ism-sharifini yozib qo‘yadi. Aslida esa, ko‘rib turganingizdek, to‘lovning asosiy qismi agentura yoki o‘zini agentura deb atab olganlarni cho‘ntagida qoladi. Albatta, boshqacha ishlaydigan yaxshi agenturalar ham bor, lekin, bilishimcha aksarilari yuqorida tasvirlab berganimday.

Xullas, menga bunaqasi ketmaydi, men halol ishlayman. Endi ana shunday agenturalar menga tarjima masalasida murojaat qilsa, “men vatandoshlarimga zarari tegadigan ishda sizlarga sherik bo‘lmayman, salomat bo‘ling” degan ohangda qisqagina javob qaytaradigan bo‘lganman.

Vatandosh ayol bilan esa o‘sha voqeadan keyin do‘stlashib ham oldik, hisob. Ular tomonga yo‘lim tushsa, mehmonga kelib birga osh qilishga taklif qildi. Ko‘nglim to‘lib juda xursand bo‘ldim.

Aziz do‘stlar, ehtiyot bo‘ling! Agenturalarda tarjima uchun uch baravar qimmat narx talab qilinadi. Ustama haq to‘lamaslik uchun tarjimonning o‘ziga murojaat qiling!

Gulira’no Maripova, vakolatli tarjimon
Bonn, 02.09.2016